Joriy yil 16-oktyabr kuni Toshkent shahrida "KNAUF" kompaniyasi (Germaniya)ning O'zbekistondagi shu'ba korxonasi va “Texnopark” MChJ oʻrtasida Texnopark hududidagi “Bazalt izolyatsion materiallari ishlab chiqarish” majmuasini sotib olish boʻyicha bitim imzolandi.
Mazkur bitim 2023-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federativ Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi davomida oʻtkazilgan Germaniya-Oʻzbekiston biznes-forumida imzolangan Oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv doirasida amalga oshirildi.
2022-yilning oxirida Toshkent shahrida ishga tushirilgan majmua zamonaviy energiya tejamkor qurilish jarayoni uchun tosh mineral paxtadan keng assortimentdagi kam uglerodli issiqlik izolyatsiyalovchi materiallar ishlab chiqaradi.
Majmuani baholash ishlari “PricewaterhouseCoopers” hamda “DRT” MChJ (sobiq “Deloitte Touche”) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.
“Mazkur kelishuv yangi mintaqada izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarishga doir faoliyatimizni salmoqli darajada kengaytiradi. Markaziy Osiyo oʻzining jadal rivojlanayotgan qurilish bozori va energiya samaradorligiga berayotgan jiddiy ahamiyati tufayli barqaror, qulay va energiya tejamkor binolarni qurish uchun oʻz sinfida aʼlo hisoblangan materiallarni talab qiladi. KNAUFning mineral paxta bilan izolyatsiyalashga oid xalqaro tajribasini qoʻllagan holda, bizning Markaziy Osiyodagi mijozlarimiz endilikda unumdor yechimlarning yanada keng qatoridan foydalanib, kompaniyamizning mintaqadagi yetakchiligini mustahkamlashga yordam beradilar, shuningdek, turli ehtiyoj va talablarga mos mahsulotlarni taklif qilgan holda, aʼlo sifatli binolarning qurilishiga hissa qoʻshadilar”, — deb taʼkidlab oʻtdi KNAUF guruhining Bosh hamkorlari spikeri Aleksandr Knauf.
Mazkur hamkorlik ilgʻor eritish texnologiyasi bilan jihozlangan hamda past CO2 chiqindi darajasini taʼminlaydigan ishlab chiqarish liniyasini qamrab oladi.
Maʼlumot uchun: KNAUF Group — xalqaro oilaviy kompaniya boʻlib, Germaniyaning Ipxofen (Frankoniya) shahrida joylashgan. Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisi sifatida jahonning 90 dan ortiq mamlakatlarida 300 dan ziyod ishlab chiqarish maydonlari va savdo vakolatxonalariga ega. Gips asosida qurilish materiallari, energiya tejamkor izolyatsiyalar va izolyatsion materiallar boʻyicha dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchisi sanaladi. 1932-yilda asos solingan KNAUF guruhining 2023-yildagi savdo hajmi 15,6 mlrd yevroga yetdi, kompaniyada 42500 nafardan ortiq kishi faoliyat yuritadi.