Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Davaktiv” mobil ilovasi ishga tushdi.
“Davaktiv” mobil ilovasidan foydalanish yo'riqnomasi:
Ilova Davaktiv agentligi tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan yagona nuqtadan foydalanish hamda davlat aktivlari haqida tezkor ma'lumot olish imkonini beradi.
Ilova Ma’lumotlar, Xizmatlar va Shaxsiy kabinet modullaridan iborat:
I. “Umumiy ma’lumotlar” moduli foydalanuvchilarga Agentlik faoliyati bilan bog‘liq statistik ma’lumotlar va hisobotlar, Agentlikning rahbariyati va tarkibiy tuzilmasi, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar, xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish sohasiga oid eng so‘nggi yangiliklar va e’lonlar, Agentlik tomonidan ochiqlanadigan ma’lumotlar ro‘yxati hamda bir qator boshqa foydali ma’lumotlarni interaktiv shaklda taqdim etadi. Ushbu modul foydalanuvchilarga qulay interfeys orqali kerakli ma’lumotlarni topish imkonini beradi.
II. “Xizmatlar” moduli foydalanuvchilarga Davaktiv agentligi tomonidan koʻrsatiladigan davlat interaktiv xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi quyi tizim hisoblanadi. Modul tarkibiga davlat xizmatlari, ijaraga olish, to‘lovga qobiliyatsizlik, baholash va rieltorlik faoliyati, elektron auksionlar, onlayn murojaat hamda boshqa ko‘plab xizmatlarga oid bo‘limlar kiradi.
- Interaktiv xizmatlar
Davlat xizmatlari ro‘yxati MyGov portali orqali taqdim etiladi. Xizmat nomi va qisqacha ma’lumotlar bilan tanishib, kerakli xizmatga havola orqali o‘tishingiz mumkin.
- Ijara
Davlat aktivlari bo‘yicha ijara ma’lumotlarini ko‘rish va saralash imkoniyati mavjud. Shuningdek, ijara olish uchun ariza yuborish havolasi ham taqdim etiladi.
- To‘lovga qobiliyatsizlik
Korxonalarning to‘lovga qobiliyatini korxona nomi yoki STIR raqamini kiritgan holda tekshirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, bankrot korxonalar haqida batafsil ma’lumot taqdim etadi.
- Baholash va rieltorlik faoliyati
Rieltor va baholash tashkilotlari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishingiz, ularni tekshirishingiz va ulashishingiz mumkin. Sertifikatlar haqiqiyligini QR-kod orqali tekshirish funksiyasi mavjud.
- Sud boshqaruvchilari attestatsiyasini haqiqiyligini tekshirish
Sud boshqaruvchilari attestatsiyasini haqiqiyligini sertifikat raqami orqali tekshirish imkoniyatini taqdim etadi.
- va shu kabi boshqa foydali bo’limlar.
III. “Shaxsiy kabinet” moduli foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini boshqarish, xavfsizlik sozlamalarini o‘rnatish hamda individual imkoniyatlarni taqdim etish uchun xizmat qiladi.
“Davaktiv” mobil ilovasini Google Play (Android mobil qurilmalari uchun yuklab olish havolasi) va App Store (IOS mobil qurilmalari uchun yuklab olish havolasi) orqali yuklab olish mumkin.