Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

23 Iyun 2023

“Xalq IPO”sini oʻtkazish doirasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish boʻyicha yetakchi PR-konsalting kompaniyasini jalb qilish toʻgʻrisida eʼlon

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda - Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Xalq IPO”si dasturi doirasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish (axborot bilan taʼminlash, PR va reklama) boʻyicha PR-konsalting kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – PR-konsultant)ni jalb qilish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

“Xalq IPO”si dasturi doirasidagi PR-konsultant oʻziga yuklatilgan vazifalarni Buyurtmachi va u tomonidan jalb etiladigan Ctrategik konsultant, anderrayter hamda boshqa tegishli tomonlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan quyida keltirilgan Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)ga asosan oʻz takliflarini 2023-yil 7-iyul kuni soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar quyidagi axborot kanallari orqali taqdim etishlarini soʻraymiz.

Abdujambulov Ilyosbek — Davaktiv agentligining Axborot xizmati boʻlimi rahbari;

Telefon: +998-71-259-22-50;

E-mail: tender@davaktiv.uz.

Qoʻshma tijorat taklif taqdim etilgan taqdirda, jalb qilingan sherik konsultant ishlarini muvofiqlashtiruvchi va masʼuliyatni oʻz zimmasiga oluvchi Bosh konsultantni koʻrsatish kerak.

Diskleymer

Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar jarayonning faqat eng muhim tomonlari va dastlabki xulosasi, shuningdek “Xalq IPO”si dasturi doirasida axborot-tushuntirish oʻtkazish va tashkillashtirish boʻyicha PR-konsultantdan kutilayotgan umumiy ishlar hajmi sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.

Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Buyuurtmachi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayanolmaydilar va ishonmasliklari shart.

 

“Xalq IPO”si dasturi doirasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish (axborot bilan taʼminlash , PR va reklama) boʻyicha yetakchi PR-konsalting kompaniyasini jalb qilish boʻyicha Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)

Kirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qaroriga muvofiq, quyidagi ilovadagi 40 ta davlat korxonalari (keyingi oʻrinlarda – Aktivlar)dagi belgilangan ulushlarni “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “Xalq IPO”sini oʻtkazish belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Xalq IPO”si dasturi doirasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish (axborot bilan taʼminlash, PR va reklama) uchun yetakchi PR-konsalting kompaniyasini jalb qilishda eng maqbul takliflar asosida tanlov oʻtkazishni rejalashtirgan.

Mazkur Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma RfP (keyingi oʻrinlarda – Soʻrovnoma) PR-konsultantga qoʻyiladigan talablarni va uning takliflarini baholash strukturasini, shuningdek ushbu dastur doirasida PR-konsultant tomonidan amalga oshiriladigan ishlar hajmini va uni olib borish tartibini tasniflaydi. Barcha sohada xizmat koʻrsatuvchi PR-konsalting kompaniyalari konsorsium yoki qoʻshma taklif taqdim qilgan holda ishtirok etishlari mumkin.

PR-konsalting kompaniyalardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar

Taklif rus/ingliz yoki oʻzbek tilida quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan holda tayyorlanishi lozim:

  • Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun taklifiy harakatlarning batafsil tavsiflash bilan ishlar hajmi boʻyicha taklif. PR-konsalting kompaniyasining tavsiyalari va takliflariga Buyurtmachi tomonidan qisqa vaqt ichida tegishli javob berish sharti bilan, xususiylashtirish jarayonning davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);
  • Xizmat xaqi toʻgʻrisida maʼlumot: Soliqlar (QQS)ni hisobga olgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar va vujudga kelishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha operatsion xarajatlarni inobatga olgan holda qatʼiy belgilangan miqdor (60 ballgacha);
  • Shu toifadagi loyihalar boʻyicha ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, PR-konsalting kompaniyaning 2018-yil 1-yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar sharqiy Yevropa, Osiyo va MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumotlari (15 ballgacha);
  • Loyihani boshqarish va ishlarni tashkillashtirish boʻyicha taklif. Mazkur loyihaga jalb qilingan jamoa toʻgʻrisidagi maʼlumot, alohida shaxslarning ismlari va ular toʻgʻrisidagi ish tajribasi, faoliyat muddati, PR hamda kompaniyalarda IPO oʻtkazishdagi PR tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (15 ballgacha).
  • Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza.
  • Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot. PR-konsalting kompaniyasi ushbu loyihaga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish toʻgʻrisida maʼlumot.

Quyidagi talablarga javob bermaydigan arizachilar, Buyurtmachi va Strategik maslahatchi tomonidan koʻrib chiqilmaydi.

Tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar

Ishtirokchilar tanlovda oʻzlari yoki konsorsium (konsorsium nomidan bitta yuridik shaxs) shaklida ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilar sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar va shu turdagi shaxslar bilan bogʻliq boʻlmasligi shart. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari ishtirokchilar boʻlishi mumkin. Norezident ishtirokchilar oʻz takliflarini biznes ommaviy axborot vositalarida tajribaga ega boʻlgan mahalliy kompaniya bilan konsorsiumda taqdim etishlari kerak.

Marketing kampaniyasida ishtirok etish uchun quyidagi mezonlarga javob beradigan PR-konsalting kompaniya talab qilinadi:

  • Biznes media sohasida 5 yildan ortiq tajribaga ega jurnalistlar jamoasi.
  • Ijtimoiy va mehnat mavzulariga ixtisoslashgan virtual resursda materiallarni joylashtirish uchun platformasining mavjudligi.
  • 40 mingdan ortiq obunachilariga hamda xalqaro va mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda faol sahifalariga ega sharhlovchilar bilan hamkorlik.
  • Oʻzbek biznes mavzulariga ixtisoslashgan xalqaro ijtimoiy tarmoqda faol 5 mingdan ortiq obunachilariga ega boʻlgan guruhining mavjudligi.
  • 3 yildan ortiq reklama modullari va matnli grafikalarni ishlab chiqish tajribasiga ega dizayn mutaxassisi.
  • Barcha jamoa aʼzolarining oʻzbek tilini professional darajada bilishi.

Xizmat koʻrsatish muddatlari va ragʻbatlantirish strukturasi

Xizmatlarni taqdim etish muddatlari shartnoma imzolangan vaqtdan boshlab birinchi Aktiv “Xalq IPO”siga chiqqunga qadar, shartnomani keyingi “Xalq IPO”lari uchun uzaytirish imkoniyati bilan amal qiladi.

Birinchi bosqich: kelgusi “Xalq IPO”si uchun marketing infratuzilmasini tashkil etish, aholi bilan dastlabki axborot yetkazish va tushuntirish  yoʻnalishidagi marketing tadbirlarini (onlayn va oflayn) oʻtkazish, shuningdek, «Xalq IPO»si roʻyxatidagi (kompaniyalarning “Xalq IPO”si chiqishi ketma-ketligi tartibida ustuvorligi) kompaniyalarni qamrab olish uchun kommunikatsiya auditi va marketing dasturlarini ishlab chiqish. Dastlabki muddatlar: 2-4 oy.

Ikkinchi bosqich: keyingi «Xalq IPO»si uchun aniqlangan Aktiv/Aktivlarga eʼtibor qaratgan holda faol PR kampaniyalar va marketing dasturlarini oʻtkazish (shu jumladan RoadShow taqdimotlarini ishlab chiqish va boshqa kelgusi tadbirlar). Ushbu ishlarning amalga oshirish doirasida, Aktiv/Aktivlar IPOsida ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish jarayoni yakunigacha PR-konsultant xizmatlari uchun oylik toʻlov nazarda tutiladi. Dastlabki muddatlar: 2-3 oy.

Ishlar hajmi

“Xalq IPO”si dasturi doirasida targʻibot-tashviqot ishlari Buyurtmachi, strategik konsultant, anderrayter va boshqa tegishli tomonlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ishlar hajmiga muvaffaqiyatli “Xalq IPO” dasturi doirasida axborot-tushuntirish oʻtkazish va tashkillashtirish uchun zarur boʻlgan xizmatlarning umumiy toʻplamini koʻrsatishni nazarda tutadi. Ishlar hajmiga quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  1. Marketing kanallarni tahlili va tavsiyasi.
  • “Xalq IPO”si dasturi uchun brend bukini yaratish;
  • Oʻzbekiston bozorida mavjud marketing kanallarining samaradorligini tahlil qilish. Tahlil koʻrish statistikasi, auditoriya qamrovi, reytinglar, maqsadli auditoriya, raqobat muhiti va ish faoliyatini baholashga tegishli boshqa omillarni oʻz ichiga olishi lozim, lekin bular bilan cheklanmaydi.
  • Oʻzbekiston aholisini, jumladan, televideniye (davlat va xususiy kanallar), radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mashhur bloggerlar va fikr yetakchilarini (rassomlar, qoʻshiqchilar) qamrab olishni yuqori darajaga oshirish uchun turli marketing kanallaridan foydalanish, xususan, (artistlar, telegram kanallari, ekspertlar va boshqalar), call-markaz va SMS-xabarlar, konferensiyalar/forumlar oʻtkazish, ekspertlar ishtirokida jonli efirlar, bank ilovalari va toʻlov tizimlarida qalqib chiquvchi (pop-up) xabarlar, jismoniy koʻrinishidagi reklama, broshyuralar, bannerlar, varaqalar, bank ilovalari marketingida ishtirok etish, toʻlov tizimlari va boshqalar yuzasidan tavsiyalar.
  • Bozor tahlili, shuningdek, axborot maydonini tahlil qilish natijalarini hisobga olgan holda har bir potensial emitent uchun taktik aloqa rejalarini hisobga olgan holda umumiy axborot-tushuntirish kampaniyasini amalga oshirish uchun Buyurtmachi bilan marketing strategiyasini ishlab chiqish.
  • Marketing strategiyasini amalga oshirish natijalarini baholash uchun asosiy samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) aniqlash.
  1. Har bir aktivning axborot auditini oʻtkazishda Strategik konsultantga yordam berish.

Potensial emitentlarning har biri uchun axborot auditini oʻtkazish: joriy axborot maydonini tahlil qilish, potensial savdo bilan bogʻliq holda axborot taʼminlashga tayyorlikni baholash, zarur ichki tartib-qoidalar va hujjatlarni tayyorlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

  1. Ichki trening tadbirlarini oʻtkazish.

Emitent kompaniyalarning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimlari uchun moliyaviy kommunikatsiyalar boʻyicha treninglar tayyorlash va oʻtkazish, loyihaning asosiy maʼruzachilari uchun ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va notiqlik texnikasi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish.

  1. “Xalq IPO” rasmiy saytini yaratish, toʻldirish va yuritish.

Saytni yaratish, toʻldirish va uning toʻliq funksionalligini va ishlashini taʼminlash.

Veb-saytni modernizatsiya qilish va saqlashga qoʻyiladigan talablar:

    4.1. Funksional talablar:

  • Qidiruv tizimlarida optimallashtirish (google, yandex);
  • WYSIWYG tamoyili boʻyicha CMS ishlash;
  • “Xalq IPO” dasturining emitent-kompaniyalari aksiyalarining real vaqt rejimida kotirovkalarini translyatsiya qiluvchi oʻrnatilgan birja informatorlari;
  • RЅЅ-tarqatishga obuna boʻlish imkoniyati;
  • “Google Analytics” statistik yigʻish boʻyicha xizmatlarni joriy qilish;
  • Saytni qidirish;
  • Sayt xaritasi;
  • Matnli tushuntirishlar yoki navigatsiya piktogrammalari uchun maslahatlar;
  • Berilgan mavzu boʻyicha kalit soʻzlar (teglar) va oʻxshash materiallarga havolalar mavjudligi;
  • Foto-galereya mavjudligi;
  • Video galereya mavjudligi;
  • Til versiyalari: oʻzbek, rus, ingliz;
  • Hamkorlar va davlat dasturlari veb-saytlariga havolalar (bannerlar);
  • Virtual yordamchi-maslahatchi;
  • Ijtimoiy tarmoqlar bilan integratsiya (Twitter, Facebook, Instagram, Telegram);
  • FAQ — qoʻp beriladigan savollar;
  • Barcha ommabop brauzerlar bilan mos kelishi (Firefox; Internet Explorer; Google Chrome; Opera; Safari).

    4.2. Ergonomika va dizayn:

Axborot portali tavfsilotlar bilan ortiqcha yuklanmagan, sodda, tushunarli interfeysda amalga oshirilishi lozim. Interfeysning soddaligi saqlanishi kerak, qulay foydalanishning barcha tamoyillariga rioya qilish muhim. Agar foydalanuvchi harakatlarida xatolik yuz bergan boʻlsa, xato sabablari toʻgʻrisida aniq bayonot bilan xabar koʻrsatilishi kerak (foydalanuvchida ham, administrator qismida ham). Uzoq muddatli operatsiyalarni bajarishda jarayonning dinamikasini koʻrsatish kerak.

Administrator qismiga kirish: turli rollar va ruxsatlarga ega foydalanuvchilarni yaratish imkoniyati mavjud boʻlishi lozim.

    4.3. Texnik yordam

  • Veb-saytning dasturiy taʼminoti va uskunalari ishlamay qolganda maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq zaxira ishlari. Davriyligi: haftalik.
  • Veb-saytni tiklash: operatsion maʼlumotlarning qisman yoki toʻliq yoʻqolishiga olib kelgan texnik va dasturiy taʼminotdagi nosozliklar, virus hujumlari, shuningdek, Buyurtmachining iltimosiga binoan veb-saytni tiklash boʻyicha ishlar. Davriyligi: zaruratga koʻra.
  • Holatni nazorati: veb-saytning sogʻligʻini kuzatish va hozirgi holatini tashxislash bilan bogʻliq ish. Davriyligi: har kuni.
  • Server uskunasini, veb-sayt dasturiy taʼminotini sozlash va konfugratsiyalash: Veb-saytni saqlash uchun ishlatiladigan server tizimini va maxsus dasturiy taʼminotni sozlash va konfugratsiyalash. Davriyligi: zaruratga koʻra.
  • Veb-sayt boʻlimlariga kirish huquqlarini boshqarish, maʼlumotlar va tizim maʼlumotlar bazasining yaxlitligini nazorat qilish va taʼminlash. Davriyligi: zaruratga koʻra.
  • Ishlash talablarini tahlil qilish va aniqlash, ish faoliyatini yaxshilash. Xost-server yukini tahlil qilish. Xost-server apparatida yuk taqsimotini optimallashtirish. Davriyligi: oylik.
  • Strukturani oʻzgartirish: veb-sayt tuzilishiga, uning alohida toifalari, boʻlimlari va tarkibiy boʻlimlariga zarur oʻzgartirishlar kiritish uchun veb-saytni qayta qurish bilan bogʻliq ishlar. Veb-sayt toifalarini olib tashlash va/yoki qoʻshish, ularni menyularga ulash, veb-saytni qayta qurish. Foydalanuvchi interfeysi funksionalligini optimallashtirish va takomillashtirish. Davriyligi: zaruratga koʻra.
  • Dasturiy taʼminotdagi xatolarni tuzatish: sayt ishlashidagi dasturiy xatolarni kuzatish va bartaraf etish, veb-saytning funksional modullarini notoʻgʻri koʻrsatish yoki ishlashi bilan bogʻliq ishlar. Davriyligi: zaruratga koʻra.

    4.4. Xavfsizlik talablari

Veb-sayt xavfsizligini taʼminlash, maʼlumotlarni ruxsatsiz oʻchirish, tahrir qilish, shuningdek, veb-sayt tuzilmasi va uning sahifalari tarmogʻini himoya qilish, tizimida tahdidlar va kompyuter viruslari kirib kelishining oldini olish uchun potensial yetkazib beruvchi veb-saytning xavfsizlik holatini monitoring qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish majburiyatini oladi.

Veb-saytni zahiradan tiklash imkoniyatiga ega boʻlish uchun haftada bir marta muntazam ravishda veb-saytning zaxira nusxasini yaratish lozim. Xakerlik hujumlari faolligi oshgan taqdirda, maʼlumotni maksimal darajada saqlash uchun lozim darajadagi choralarni koʻrish.

    4.5. Texnik qoʻllab-quvvatlash

Yetkazib beruvchi/Ijrochi axborot portali uzluksiz foydalanishga topshirilgandan keyin 12 oy ichida kafolatli yordam koʻrsatishi shart. Kafolatni qoʻllab-quvvatlash saytning ishlashida aniqlangan xatolarni tezda tuzatishni va yordamchi xodimlarga maslahat berishni taʼminlashi kerak. Agar kerak boʻlsa, Ijrochi Buyurtmachiga uning iltimosiga binoan mutaxassislarning kelishini taʼminlashi shart.

    4.6. Toʻldirish va tahrirlash

Yetkazib beruvchi/ Ijrochi shartnoma muddati davomida Buyurtmachi bilan kelishilgan media-rejaga muvofiq saytning moderatsiyasi va mazmunini taʼminlashi shart.

  1. SMM faoliyatini qoʻllab-quvvatlash.

Marketing strategiyasida tasdiqlangan ijtimoiy tarmoqlarda “Xalq IPO”sining rasmiy akkauntlarini yaratish va sozlash, shuningdek ularni moderatsiyalash va faol kontentni toʻldirish.

Facebook.com, Twitter.com, YouTube, VK, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarida Dasturning rasmiy akkauntlarini yuritish Internet foydalanuvchilari va “Xalq IPO” rasmiy sayti oʻrtasida doimiy oʻzaro aloqani taʼminlab borish hisoblanadi:

  • har oyda kamida 30 ta axborotni, shu jumladan “Xalq IPO”si dasturining rasmiy veb-saytida va boshqa internet portallarida joylashtirilgan “Xalq IPO” dasturi boʻyicha axborotlarga giperhavolalar koʻrsatilgan qisqa sharxlar (lead) chop etish. Facebook, Twitter, Instagram, Telegramda “Xalq IPO” dasturini amalga oshirish yuzasidan foydalanuvchilarning savollariga javoblar;
  • Facebook, VK, Twitter, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarining mashhur guruhlari va bloglarida sharhlar bilan ishlash (tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq, oyiga kamida 30 ta sharh);
  • Dasturning YouTube akkauntida profil videosini tayyorlash va joylashtirish (Buyurtmachi bilan kelishilgan holda har oyda kamida 1 ta video, materiallar PR-konsultant tomonidan tayyorlanadi);
  • “Xalq IPO” dasturini targʻib qilish va ommalashtirish uchun marketing strategiyasida tasdiqlangan mashhur blogerlar bilan ishlash. Blogerlarga qoʻyiladigan talablar marketing strategiyasida tasdiqlanishi kerak.
  1. Tasdiqlangan marketing kanallarida (ijtimoiy tarmoqlardan tashqari) axborot materiallarini joylashtirish.

Marketing strategiyasida (ijtimoiy tarmoqlardan tashqari) tasdiqlanadigan marketing kanallari uchun Buyurtmachi bilan oldindan tasdiqlangan reklama bannerlari, matnlar, rasmlar va boshqa koʻrinishdagi materiallar, lekin ular bilan cheklanmagan holda PR materiallarini auditoriya xususiyatiga koʻra oʻzbek va rus tillarida tayyorlash va joylashtirish xizmatlari.

PR-konsultant Buyurtmachi bilan kelishilgan reklama materiallarini joylashtirish uchun marketing strategiyasida tasdiqlangan barcha marketing kanallari (ijtimoiy tarmoqlardan tashqari) vakillari bilan muzokaralar olib borish majburiyatini oladi.

Barcha materiallar Buyurtmachi bilan yozma ravishda kelishiladi (elektron pochta orqali).

  1. Axborot materiallarini oʻzbek saytlarida joylashtirish.

Internet auditoriyasining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻzbek va rus tillarida batafsil axborot-tahliliy maqolalar koʻrinishidagi PR materiallarni Oʻzbekiston internet OAVlarida tayyorlash va joylashtirish xizmatlari (tahliliy sharhlar, yangiliklarga oid maqolalar, Buyurtmachining vakillari va ekspertlari bilan suhbatlar, Buyurtmachi faoliyatiga oid materiallar).

PR maqolalarini joylashtirish uchun Internet-media roʻyxatini ishlab chiqilishi va marketing strategiyasida tasdiqlanishi lozim.

Barcha materiallar Buyurtmachi bilan yozma ravishda kelishiladi (elektron pochta orqali).

  1. Antitrolling (salbiy materiallar va sharhlarga qarshi tezkor javob) va natijalarni monitoring qilish.

Xalqaro va mahalliy axborot-tahliliy platformalarda, jumladan, yangiliklar lentalarida, bloglarda, forumlarda, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa platformalarda eʼlon qilingan salbiy materiallar va sharhlarni monitoringini olib borish va tezkor javob berilishini taʼminlash.

Har oyda marketing strategiyasida tasdiqlangan koʻlamdagi sharhlarni “Xalq IPO” dasturi muhokamalarida va boshqa veb-resurslarda joylashtirish.

  1. Oʻquv dasturlarini tashkil etish hamda oʻtkazish va joylashtirilgan aktivlar rahbariyati bilan suhbatlar va intervyular tashkillashtirish.

Keng auditoriya uchun treyderlar, brokerlar, moliyaviy tahlilchilar, investorlar va bozorning boshqa professional ishtirokchilari ishtirokida onlayn seminarlar, vebinarlar va hokazolarni (keyingi oʻrinlarda tadbir deb yuritiladi) oʻz ichiga olgan oʻquv dasturlarini tashkil etish va oʻtkazish.

Amalga oshirish Buyurtmachi bilan yozma ravishda (elektron pochta orqali) kelishilgan holda, noprofessional auditoriyani inobatga olgan holda, ishtirokchilar uchun tadbir dasturini, axborot va maʼlumotnomalarni qulay va oson foydalana olinadigan shaklda ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi.

Seminarlarning umumiy davomiyligi: kamida 30 daqiqa.

Maʼruzachiga qoʻyiladigan talablar: “Xalq IPO”sining PR kampaniyasini ishlab chiqish va/yoki amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslar, Buyurtmachi va/yoki emitent kompaniya vakillari, moliyaviy maslahatchilar, fond bozori vakillari (ekspertlar), investorlar, tahlilchilar va boshqalar ekspert sifatida jalb qilinadi.

“Xalq IPO”sining PR kampaniyasi doirasida joylashtiriladigan aktivlar rahbariyati bilan suhbatlar va intervyular tashkil etish. PR-konsultant vazifalariga intervyuni rejalashtirish, shu jumladan aktiv vakillari bilan aloqa oʻrnatish, grafik va uchrashuv joyini kelishish, savollarni tayyorlash va kelishish, zarur texnik yordam koʻrsatish va jurnalistlar yoki jarayonning boshqa ishtirokchilari bilan muvofiqlashtirish kiradi.

Seminarlar va suhbatlar tili: oʻzbek va/yoki rus.

  1. Ijtimoiy tarmoqlarda kontekstli reklama.

Ijtimoiy tarmoqlarda kontekstli reklama (Facebook, VK, Instagram, Telegramda yoki marketing strategiyasida tasdiqlangan boshqa ijtimoiy tarmoqlar).

  1. Marketing kampaniyasining bir qismi sifatida nufuzli jamoatchilik fikri yetakchilarini jalb qilish.

PR-konsultant tasdiqlangan marketing strategiyasida fikr yetakchilari (xonandalar, bloggerlar, ekspertlar va sanʼatkorlar) bilan oʻz platformalarida (jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, veb-saytlarda) reklama, qoʻshma tadbirlar, hamkorlikning turli usullari boʻyicha intervyu va nashrlarda joylashtirilgan aktivlar toʻgʻrisidagi nutqlar yoki eslatmalar yuzasidan tadbirlar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga koʻra ishlashi lozim.

PR-konsultant oldindagi “Xalq IPO”si dasturi va uning afzalliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng auditoriyaga samarali ravishda yetkazadigan kontent yaratish uchun jamoatchilik fikri yetakchilari bilan yaqin hamkorlikda ishlashi shart. Ushbu kontent Buyurtmachi bilan kelishilgan hamda jamoatchilik va jamoatchilik fikr yetakchilari qoidalari va qadriyatlariga mos keladigan boʻlishi shart.

  1. Hududlarda “Road Show” taqdimotlarini oʻtkazish.
  • “Road Show” vaqtida taʼkidlanadigan aktivlarning asosiy xabarlari va afzalliklarini aniqlashda yordam berish. Aktivlarni boshqarish boʻyicha axborot strategiyasini ishlab chiqish, maqsadli auditoriyani aniqlash va maksimal taʼsirga erishish uchun tegishli metodlarni ishlab chiqish.
  • “Road Show” davomida foydalaniladigan taqdimotni ishlab chiqishda yordam berish. Taqdimotga kiritish uchun asosiy dalillarni, imtiyozlarni va moliyaviy koʻrsatkichlarni taʼkidlash uchun emitent kompaniyasining jamoasi va Strategik konsultant bilan ishlash hamda jozibali va axborot beruvchi grafikalar, diagrammalar va boshqa vizual tasvirlarni yaratishga yordam berish.
  • “Road Show”ni ommaviy axborot vositalarida yoritishni taʼminlash uchun jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan aloqa oʻrnatish va uni qoʻllab-quvvatlash. Ommaviy axborot vositalari uchun press-relizlar va boshqa materiallarni tayyorlash, matbuot anjumanlari yoki ommaviy axborot vositalari uchun brifinglar rejalashtirish, jurnalistlarning tadbirlar oʻtkaziladigan sana va joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor boʻlishini taʼminlash.
  • “Road Show”ni tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan logistika, oʻtkazish joyini tanlash, ishtirokchilarni taklif qilish, jadvalni muvofiqlashtirish va emitent kompaniyalarning asosiy vakillarining shaxsiy hamrohligini amalga oshirish.
  • Emitent kompaniyalarning asosiy vakillarini “Road Show”da intervyu va nutqlarga tayyorlash uchun media-trening oʻtkazish. Notiqlik koʻnikmalarini rivojlantirishga koʻmaklashish, investorlar va jurnalistlarning savollariga javob berish, emitent kompaniyalar vakillarining samarali muloqotini taʼminlash.
  • Investorlarning fikr-mulohazalarini va “Road Show”ga munosabatini kuzatib borish hamda investorlar bilan aloqalarni boshqarishga koʻmaklashish. Investorlarning savollariga javoblarni muvofiqlashtirish, emitent kompaniyalar rahbariyatiga investorlar bilan ishonchli munosabatlarni saqlashda va aktivlarning ijobiy imidjini yaratishda yordam berish.
  1. Arizani oflayn rejimda toʻlashda ariza beruvchilarga beriladigan jismoniy hujjatni ishlab chiqishda Strategik konsultantga koʻmaklashish.
  • “Xalq IPO”sida ishtirok etish arizani oflayn rejimda toʻldirilganda ariza beruvchilarga taqdim etiladigan jismoniy hujjatning mumkin boʻlgan variantlari boʻyicha taklif va gʻoyalarni taqdim etish.
  • Hujjatni loyihalash boʻyicha takliflar berish.

 

4708 Chop etish